Azizam ne uchun maysa emasmiz yellar o’pganida suykalib o’tgan ne uchun…?
Ne uchun daraxt bo’lmaymiz ildizi shoxlari chirmashib ketgan
Ariqlar bo’yida giyohdek o’ssak, suvlarda tushimiz eshilarmidi..
Ariqlar ortida shamol bo’lsaydik ko’klarda ruhimiz qo’shilarmidi…
Nechun mavjudmiz-u nechun yo’qdaymiz
Barmoqlar uchida nozik bir titroq..
Nafaslar qo’shilib turganda nechun olovlar ichida jim kutib turmoq…
Nechun pichoqlarga tiralar ko’zim
Nechun ko’kka suyanganday suyanolmayman,
Ko’ksingizda loladek uxlab ko’nglingizda tog’dek uyg’onolmayman…
Ne uchun hayotim bu qadar sahro nechun yuragimda bu qadar zorlik..,
Qarshimda shovullab oqar bir daryo bir tomchi suv so’rab o’tinolmayman...
Azizam ne uchun inson yaraldik ko’nglimiz sig’masa yer-u samoga
Oh endi shu qadar muhabbat bilan biz qanday yashaymiz bu tor dunyoda.
Biz ne uchun yaraldik bu yorug’ dunyoda...
Azizam… ne uchun maysa emasmiz yellar o’pganida suykaliib o’tgan
Ne uchun daraxt bo’lmaymiz ildizi shoxlari chirmashib ketgan…
AZIZAM...